Diqqatga sazovor joylar

Toshkent – O’zbekiston Respublikasining poytaxti

Toshkent O’zbekiston Respublikasining poytaxti bo´lib, u davlatning siyosiy, madaniy, ilmiy va iqtisodiy markazidir. Toshkentda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorgohi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, xorijiy davlatlarning elchixonalari, jamoat tashkilotlari, madaniy va tarixiy yodgorliklar, shuningdek O’zbekiston Respublikasining barcha vazirlik va idoralarining bosh boshqarmalari joylashgan.

Bundan tashqari Fanlar akademiyasi va uning 40 dan ortiq tadqiqot institutlari, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Badiiy akademiyasi va 50 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari joylashgan.

Toshkent yirik temir yo’l tizimining, zich avtomobil va havo yo’llari tarmog’iga ega. Shahar transportining barcha turlari yaxshi rivojlangan. Toshkent metropolitenining bekatlari ajoyib bezaklari bilan ajralib turadi.

Toshkent respublikaning shimoliy-sharq qismida, Chirchiq daryosining vodiysida, dengiz sathidan 440-480 m balandlikda joylashgan. Toshkentning shimoliy-sharqida katta va kichik Chimyonning qorli tepalari, Tyan-Shanning tog’ choqilari ko’rinadi
Toshkent tarixi miloddan avvalgi II asrdan boshlab turli nomlar ostida kuzatilgan: Shosh, Shoch, Binkent.

Birinchi marta Toshkent nomi XI asrda Beruniy asarlarida qayd etilgan. 2009 yil 1-2 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Toshkent shahrining 2200 yilligi nishonlandi.


Toshkent shahri 12 tumanga boʻlingan:

Uchtepa tumani
Bektemir tumani
Mirzo-Ulug’bek tumani
Mirobod tumani
Sergeli tumani
Olmazor tumani
Chilonzor tumani
Shayxontohur tumani
Yunusobod tumani
Yakkasaroy tumani
Yashnobod (sobiq Xamza) tumani
Yangixayot tumani

Toshkent teleminorasi

Toshkent teleminorasi Toshkentning tashrif qog‘ozi bo´lib, markaziy Osiyodagi eng chiroyli va baland teleminoralardan biridir.

1957-yilda qurilgan birinchi 180 metrli telemarkaz poytaxt va Toshkent viloyatining o´sha paytda, 4 millionlik aholisini to‘laqonli qamrab ololmay qolgandi. Radio va teleuzatishlarni uzoq tog‘li hududlarga ham yetkazish zarur edi.

1960-yilda televidenie va radio O‘zbekistonning madaniy hayotida mustahkam o‘rin egalladi. Qisqa muddatlarda yangi teleminora loyihasini tayyorlash ishlari boshlandi. Mutaxassislarning vazifasi butun O‘rta Osiyoda eng baland binoni qurishdan va bunda barcha qo‘yilgan vazifalarni hal qilishdan iborat edi. Loyiha puxta o‘ylandi va testdan o‘tkazildi, chunki bunday baland inshoot qurilishi ilk bor amalga oshirilayotgandi. Barcha zarur materiallar o‘rganildi, texnologik talablar va normalarga amal qilindi, Germaniyadan po‘lat uskunalar olib kelindi. Va, nihoyat, 1978-yilda yangi teleminora qurilishi boshlandi, uni barpo etishga 6 yil vaqt ketdi.

Semashko Yu.P., Terziyev-Sarukov N.G. loyiha mualliflari, Morozov E.P. va Musheyev M.D. esa konstruktorlariga aylandi. Qurilish ishlari ”Visotstroy” trestining mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Teleminora targovuchlari 11 metr chuqurlikdan ko‘tarilgan, ular bog‘lanmagan temir-beton asosga tayangan bo‘lib, juda yuqori muvozanatni ushlab turishga qodir bo‘lgan tizimni hosil qilgan.

Minora 240 metr balandlikka 25 tonna yukni ko‘tarishga qodir bo‘lgan maxsus kran yordamida qurildi. Teleminora uchta tezkor Shveysariya lifti bilan jihozlangan. 1985-yil 15-yanvarda binoning eng baland nuqtasida davlat bayrog‘i hilpiray boshladi.

Teleminoraning balandligi – 375 metr, uning uzun nayzasimon uchini shaharning istalgan nuqtasidan ko‘rish mumkin. Inshootning umumiy og‘irligi 6 000 tonnadan oshadi. U radio va teleuzatishlar uchun zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Toshkent viloyatida tele va radiostansiyalarning o‘ndan ortiq ustaxonalariga ega.

Teleminora foyesi mozaikali panno va dunyoning eng baland minoralari maketlari bilan bezatilgan. Ularning orasida Toshkent teleminorasi faxrli 10-o‘rinni egallagan.

Xohlagan kishi minoraning tomosha maydoniga ko‘tarilishi va qushlar parvoz qiladigan 110 metr balandlikdan shaharning hayratlanarli manzarasini tomosha qilishi mumkin. Shuningdek, bu yerda “Koinot” restorani faoliyat ko‘rsatadi, unda maxsus aylanuvchi platforma mavjud. Restoran ikkita zalga ega: milliy uslubdagi “Zangori” va Yevropa uslubidagi ”Qizil”.

Tungi paytda minorada minglab chiroqlar porlaydi, bu go‘zallik va haybat kishini sehrlab qo‘yadi.

Toshkent teleminorasi – texnologik taraqqiyot va inson mehnatining ramzidir.

Minor Masjidi, Toshkent

Minor masjidi – Toshkentning yangi me’moriy diqqatga sazovor inshooti. Masjid 2014-yili Qurbon Hayit biayrami arafasida ochilgan. Anhor kanali sohilida ochilgan ushbu ulug‘vor inshoot ochilishi bilanoq O‘zbekistonning muhim diniy markazlaridan biri maqomiga ega bo‘ldi. Masjid 2 500 dan ortiq kishini sig‘diradi.

Masjid an’anaviy sharq me’morchiligining barcha normalari bo‘yicha barpo etilgan, biroq oq marmar pardozi bilan qadimiy masjidlardan ajralib turadi. Mahaliy aholi uni ko‘pincha ”Oq masjid” deyishadi. Binoda ikki qavatli namoz zali va ikkita terrasa mavjud, ular orqali o‘yma naqshlar bilan bezatilgan ustunlarga ega ichki hovliga o‘tish mumkin.

Masjidning ichki jihozlari u yaqinda barpo etilganidan dalolat beradi. Unda ko‘p miqdorda zamonaviy qurilish-pardoz materiallari qo‘llangan. Qolgan ishlarda esa O‘rta Osiyo masjidlari uchun an’anaviy hisoblangan loy-gips o‘ymakorligi, Qur’ondan iqtiboslar va Muhammad payg‘ambarning iboralari bitilgan ko‘plab freskalar va mehroblardan (qiblaga yo‘nalishni ko‘rsatib turuvchi yarim aylana tirqish) foydalanilgan.


Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan haykal
, Toshkent

Toshkentning markaziy maydonlaridan biri – ”Xalqlar do‘stligi” maydonida Shomahmudovlar oilasining xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik joylashgan.

Ushbu haykal 1982-yil may oyida ochilgan bo‘lib, u Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatga mansub 15 nafar bolani asrab olgan Shomahmudovlarning qahramonona jasoratiga bag‘ishlangan.

Mustaqillik yillarida haykal bir necha marta demontaj qilinib, boshqa joyga ko‘chirilgandi, xususan: 2008-yil aprelida Toshkentdan tashqariga, 2017-yil bahorida poytaxtdagi Do‘stlik bog‘iga ko‘chirilgan. 2018-yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘idan keyin yodgorlik o‘zining dastlabki joyiga – ”Xalqlar do‘stligi” maydoniga qaytarildi.

Shayxontohur ansambli, Toshkent

Shayxontohur ansamblining hududi Abdulla Qodiriy va Alisher Navoiy ko‘chalarining oralig‘ida joylashgan. Ansambl uchta maqbaradan tashkil topgan: Shayx Xovandi Tohur maqbarasi, Qaldirg‘ochbiy maqbarasi va Yunusxon maqbarasi.

Shayxontohur XIII asr oxirida Bog‘uston tog‘ qishlog‘ida (hozir bu yerda Chorvoq suv ombori joylashgan) xo‘jalar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi shayx Umar Ikkinchi xalif Umarning avlodi bo‘lgan. Xalq shayx Umar mo‘jizalar yaratishiga va tabiat hodisalarini boshqara olishiga ishongan. Ushbu oliy ne’mat uning o‘g‘liga o‘tgan deyishgan. Yosh Shayxontohur so‘fiylik ta’limotini o‘rgangan. Biograflarning so‘zlariga ko‘ra, toshkentlik so‘fiyni ayniqsa bir haqiqat hayratga solgan: ”Fanlardagi oliy ma’naviy sifatlar va bilimlarjohillarning qo‘polligiga nisbatan dono odamning sabr-toqati va beozorligiga to‘g‘ri mutanosib”.

Shayx Toshkentda yashab va’zxonlik qilgan va 1355-1360 yillar oralig‘ida vafot etgan. Rivoyatlarga ko‘ra uning qabri ustidagi maqbara Amir Temurning tashabbusi bilan barpo etilgan. Bu ikki xonali uncha baland bo‘lmagan qurilma bo‘lib, tepasi turli balandlikdagi ikkita gumbaz bilan yopilgan.

Bino hozirgi ko‘rinishiga ko‘p sonli tiklash ishlari va XIX asr boshidagi qayta qurishlar natijasiga ega bo‘lgan. Uning ichida katta gumbaz ostida uchta dahma, kichik gumbaz ostida esa ikkita dahma bor. Maqbarada 48 ta sarv daraxtidan (Aleksandr Makedonskiy tomonidan ekilgan) bittasi – Iskandarning sarvi saqlanib qolgan. Toshga aylangan ushbu ignabarglidaraxt maqbaraning ichida bevosita Shayxning ulug‘vor dahmasi yonida joylashgan.

Aytish joizki, ko‘plab buyuk toshkentliklar, shu jumladan Temuriylar davrining mashhur va’zxoni Ubaydulla Xo‘ja Ahror (1404-1490 yy.) va XVIII asrning ikkinchi yarmida Toshkentning mustaqil hokimi bo‘lgan Yunusxo‘ja ham Shayxontohurlar avlodiga mansub.

Shayxontohur maqbarasining yonida bizning kunlargacha yana bir maqbara saqlanib qolgan. Bu Qaldirg‘oyabiy mozori. Ushbu XV asr me’morchilik san’ati yodgorligi o‘zining piramida shaklidagi gumbazi bilan majmuadagi boshqa qurilmalardan ajralib turadi va qozoq dashtlarining mozorlarini eslatadi. haqiqatdan ham, ushbu maqbara gumbazlari ostida mashhur davlat arbobi To‘labiyning (qozoq) xoki ko‘milgan. To‘labiy toshkentliklar bilan birga O‘rta Osiyo yerlaridan jangar-qalmiq bosqinchisini quvishga muvaffaq bo‘lgan. To‘labiy keyinchalik Toshkent davlatining mustaqil hokimiga aylangan shayxontohur hokimi Yunusxo‘jani o‘zining Toshkentdagi ishonchli vakili etib tayinlagan.

XV asrga mansub majmuadagi yana bir saqlanib qolgan maqbara – bu buyuk Boburning bobosi Yunusxon maqbarasidir. Ushbu bino ko‘p marta restravratsiya qilingan. Bu xonaqoning noyob turi hisoblanadi, u T-simon shaklda bo‘lib, fasad yuqorisi bo‘ylab baland ravoqqa ega.

Andijon – Bobur shahri

Andijon viloyati – qadimgi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, Mo‘g‘ullar imperiyasining asoschisi, o‘zbek shoiri va yozuvchisi Zahiriddin Muhammad Boburning vatani sifatida tanilgan.

Viloyat tarixi bu yerda VI asrda paydo bo‘lgan sunʼiy sug‘orish asosidagi dehqonchilik, chorvachilik rivojlangan va “samoviy otlar” ko‘paytirilgan qadimgi Davan davlatining paydo bo‘lishi bilan boshlanadi.

Mintaqa bo‘ylab sayohat qilganingizda Jomiy majmuasi kabi tarixiy meʼmoriy yodgorliklarni o‘zingiz uchun kashf etishingiz, Andijon shahridan 30 km uzoqlikda joylashgan qadimiy Mingteppa shahrining sirlarini ochishingiz, dorbozlarning  tomoshalaridan bahramand bo‘lishingiz hamda shu bilan birga  mahalliy hunarmandlarning ajoyib buyumlari bilan tanishishingiz mumkin . Bir vaqtlar Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan, arxeologik yodgorliklar va tarixiy obidalarga boy bo‘lgan shahardir.

Buxoro – qadimiy va muqaddas


Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan muqaddas shahar Buxoroga qadim zamonlarda tamal toshi qo‘yilgan, o‘t qo‘yilgan va yana qaytadan qad rostlagan. Qadimiy va boqiy Buxoro o‘zining go‘zalligi va hashamatini hech qachon yo‘qotmagan. Ularning barchasi shaharning diqqatga sazovor joylarida aks etadi.

Buxoro — qadim madaniyat va ilm-fan o’chog’i
Ark qal’asi, Buxoro
Ark qal’asi, Buxoro

Qariyb 20 metr balandlikdagi va 4 gektar maydonni egallagan mahobatli qal’a. Bu Buxorodagi eng qadimiy me’moriy va arxeologik yodgorlik hisoblanadi.

Afsonaga ko‘ra, yosh yigit Siyovush Afrosiyob hukmdorining qiziga uylanmoqchi bo‘lgan. Bu taklifga shoh, agar yigit buqaning terisi ustida qal’a qurishga qodir bo‘lsa, suyukli qizimni unga beraman deb javob qiladi. Yigit rozi bo‘ladi. U teridan gilam yasaydi, uning ustiga hayratlanarli darajada ajoyib qal’a quradi.

Ark qal’asi qurilishining aniq sanasi noma’lum. I-ming yillikda u yerda shaharning e’tiborli zotlari yashagan. Qal’a har doim Buxoro hukmdorlarini ishonchli himoya qilib kelgan. Shohlardan tashqari, bu yerda Osiyoning ilm-fan va madaniyat arboblaridan Abu Ali ibn Sino va Umar Xayyomning uyi ham bor edi.

Endi bu muzey-qo‘riqxona hisoblanadi. Unda 70 mingdan ortiq eksponatlar mavjud. Bizning kunlargacha taxt xonasi, hammom, 2 ta masjid, bosh vazir va qabullar saroyi, otxona va xonaqoh saqlanib qolgan.

Labi Hovuz maydoni, Buxoro

Muhtasham Labi Hovuz ansambli qadimiy Buxoroning markaziy yodgorliklaridan biri. Maydon XVI asrda Nodirbegi suv havzasi atrofida shakllangan.

Avval bu yerda Nodir Devonbegi madrasasi va shu nomdagi xonaqoh (so‘fiylar istiqomatgohi), hovuz va karvonsaroy paydo bo‘ldi.

Ikkinchi bino – XVI asrda qurilgan Ko‘kaldosh madrasasi Buxorodagi eng yirik madrasalardan biridir. U 160 xujradan iborat. Uning fasadlari maloyika bilan bezatilgan.

Labi Hovuz bir paytlar Buyuk Ipak yo‘lidagi savdo nuqtasi bo‘lgan, bu yaqin atrofdagi savdo ko‘chasining joylashishiga hissa qo‘shgan. Hozir yozning jazirama kunida bu yerda sizni issiqdan qutqaradigan qahvaxona bor. Suv havzasi o‘rniga favvora qurilgan. Shuningdek, xalq ertaklari qahramoni Xo‘ja Nasriddinga XX asr oxirida bronza haykal o‘rnatilgan.

Xo‘ja Nasriddin Afandi haykali, Buxoro

Afsonaviy qahramon Xo‘ja Nasriddin Afandi haykali qadimiy me’morchilikning vazmin durdonalari orasida nur uchquni kabi taassurot qoldiradi. Eshak minib olgan bu ayyor chol xalq qahramoni sifatida hurmatga sazovor.

Ko‘p odamlar uni sharqona afsonalar, latifalar va ertaklarning qahramoni, insoniyatning yomon xislatlariga qarshi kurashgan aqlli, g‘aroyib va hazilkash odam sifatida bilishadi. U ochko‘z hukmdorlar va beklarning yomonliklarini, ikkiyuzlamachilik va qo‘rqoqlikni, poraxo‘rlik va sudxo‘rlikni masxara qiladi.

Nega uning yodgorligi aynan Buxoroda? Sovet yozuvchisi Leonid Solovyov Xo‘ja Nasriddin sarguzashtlari haqida 2 ta roman yozgan. Asarlardan biri asosida Xo‘ja Nasriddin Buxoro bo‘ylab sayohat qilib, Buxoro amiri hovlisiga kirib qolishi hikoya qilinadigan film suratga olinadi. Bu personaj Buxoroda shu qadar ommalashib ketadiki, hatto milliy ramzga aylanib ulguradi va 1979-yilda unga haykal o‘rnatiladi. Har bahorda Buxoroda Xo‘ja Nasriddin sharafiga yumor festivali o‘tkaziladi. Buxoroda, agar siz bolani Xo‘ja Nasriddin eshagiga o‘tqizib qo‘ysangiz, uning hayoti quvonch va ijobiy his-tuyg‘ular tug‘yoni bilan to‘liq bo‘ladi, degan rivoyat ham bor.

Minorai Kalon, Buxoro

Buxoro zindoni – XVIII asrning ikkinchi yarmida o‘zbek Mang‘itlar sulolasi davrida qurilgan zindon. Tashqaridan zindon Ark qal’asiga o‘xshaydi. Zindon asosan sopol g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, baland devorlar bilan o‘ralgan va katta yog‘och darvozadan kirish mumkin bo‘lgan qal’a yoki istehkomga o‘xshaydi.

Zindon ikki qismga bo‘lingan: zindoni bolo – yuqori zindon va zindoni poyon – pastki zindon. Yuqori zindon mahbuslar uchun xonalari bo‘lgan bir necha hovlidan iborat edi, ular zindondan oyiga ikki marta, odatda ob-havodan qat’i nazar, zanjirband qilingan va yalangoyoq holda Registon maydoniga olib chiqilgan. Pastki zindon – chuqurligi 6,5 m, diametri 5 m bo‘lgan katta chuqur, jinoyatchilar arqon bilan pastga tushirilgan va ularga oziq-ovqat ham tushirilgan. O‘sha davrdagi ko‘plab musulmon mamlakatlarida mahbuslar yoki og‘ir jinoyatlar uchun hukm qilinganlarni chuqur chohga qamash qo‘llanilgan. Mahbuslar zindonda g‘ayriinsoniy sharoitda edilar, ba’zi mahbuslar qancha muddatga qamalganlarini bilishmasdi.

Faqat o‘zga yurtliklar qo‘riqlash va nazorat uchun ishga olingan, chunki mahalliy aholi orasida mahbusni ozod qilmoqchi bo‘lgan qarindoshlari bo‘lishi mumkin edi.

Hozir bu yerda mahbuslarning manekenlari va kameralardan iborat muzey joylashgan.

Suzuk-ota majmuasi, Toshkent

Ushbu arxitektura majmuasi barcha hunarmandlarning oliyjanob ustozi Suzuk-otaga bag‘ishlangan.

Tug‘ilganida Mustafoqul ismi berilgan Suzuk-ota-yilda Turkistonda Qorachuk qishlog‘ida dunyoga kelgan. U Ahmad Yassaviyning yagona qizining kichik o‘g‘li bo‘lgan.Bobosi kichkina nevarasini tizzalarida o‘ynatar ekan: ”Mening azizim, suzugim, xush kelibsiz!” – der ekan. Shu bois atrofdagilar uni Suzuk bola deb chaqirishgan.

Bu inson butun shaharda va hatto undan tashqarida ham o‘zining iste’dodi, xalqni birlashtira olishi, himmatli ishlari bilan shuhrat qozonadi va bu bilan mahalliy aholi orasida katta hurmat qozonadi.

U voyaga yetganidan keyin kimsasiz, tepalik va tashlandiq joyda yashay boshlaydi va uni obodonlashtirishga tushadi. Suzuk ota o‘zining kichik vatanidan Qur’on va’zxonlarini, hunarmand ustalarni, yaqinlari va do‘stlarini taklif qiladi, uylar quradi, hammaga boshpana beradi, keng xalq orasida fan va hunarlarni joriy etadi. Shuningdek u yoshlarni dehqonchilikka, hunarlarga va boshqa kasblarga o‘rgatadi. Suzuk ota yuzlab ustalar va hunarmandlarning ustozi hisoblangan. Hamma hurmat qiladigan ustoz 1217-yilda vafot etadi. Uning mahallasi esa ”ustalar mahallasi” nomi bilan mashhur bo‘ladi.

Amir Temur hukmronligi davrida 1392-yilda barpo etilgan majmua masjid va maqbaradan iborat. 2019-yili ushbu inshoot rekonstruksiya qilindi. Maqbara va masjid qayta tiklandi, maydoni qarib 8 ga bo‘lgan hudud obodonlashtirildi. Majmua binolaridan birida muzey, kutubxona va fuqarolar yig‘ini joylashgan. Majmuaning ikki tomoni bo‘ylab hunarmandlar uchun 30 ta ikki qavatli kottej barpo etilgan. Kottejlarning birinchi qavatida ustaxonalar va do‘konlar ochiladi.


Knyaz Romanov qarorgohi, Toshkent

Knyaz Nikolay Konstantinovich Romanovning qarorgohi 1891-yilda o‘sha paytdagi eng yaxshi g‘ishtdan qurilgan. Knyaz Toshkentda birinchi kinoteatr, novvoyxona, knyaz askarlari uchun kichikroq tuman va sug‘orish kanallari tarmog‘i qurilishiga ko‘maklashgan. Uni Toshkentda juda yaxshi ko‘rishgan, shu bois u poytaxt aholisiga ko‘p e’tibor qaratadi.

Nikolay Konstantinovich Toshkentdagi hayoti davomida taniqli rassomlarning asarlari, antikvariat va kitoblarni to‘playdi va ularni shaharga vasiyat qilib qoldiradi. U hayotdan ko‘z yumshanidan keyin saroy san’at muzeyiga aylantirildi, keyinchalik esa uni antikvariat va zargarlik buyumlari muzeyiga aylantirishadi.

”Jasorat” monumenti matonat va qahramonlik ramzi! Toshkent

Qiyin daqiqalarda yuz minglab insonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlash uchun birlashadi. Bunga 1966-yil 26-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:23 da sodir bo‘lgan Toshkent zilzilasi yorqin misol bo‘la oladi.

Zilzila natijasida yuzlab uylar vayron bo‘ldi. Yer silkinishidan ko‘proq Toshkent markazi jabrlandi. 300 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolib, palatkalarda yashadi. Ittifoq respublikalarining do‘stona yordami tufayli deyarli butun shahar rekonstruksiya qilindi, yangi mikrorayonlar barpo etildi. Ushbu hodisa sharafiga 1976-yil 20-mayda haykaltarosh va rassom Dmitriy Ryabichev tomonidan “Jasorat” monumenti qad ko‘tardi.U badiiy obrazda zilzilani aks ettiruvchi yorilgan qora granit kubni tasvirladi, unda fojea soatlari va sanasini ko‘rsatib turuvchi tsiferblat tasvirlangan. Kubdagi yoriq oilaning tasviriga olib boradi: bir qo‘li bilan farzandini bag‘riga bosayotgan ayol va itaruvchi ishorani namoyish etayotogan erkak. Haykal ortida yarim aylana shaklida barelyeflar joyylashgan. Ularda shaharni fidokorona mehnati bilan tiklashga yordam berayotgan jasoratli kishilar tasvirlangan.

”Jasorat” monumenti shaharning muhim diqqatga sazovor joyi hisoblanadi. Haykalning asosiy g‘oyasi – bu odamlarning do‘stligi, qat’iy irodasi va jasurligi. U vaqtinchalik qiyinchiliklar albatta yengib o‘tilishiga umid bag‘ishlaydi.

Ko‘kaldosh madrasasi, Toshkent

”Chorsu” maydoni hududida islom yodgorliklarining eng yirishi Ko‘kaldosh madrasasi joylashgan. Ushbu madrasa allaqachon poytaxtning eski qismining ramziga aylangan. X asrda bu yerda uchta shahar darvozasining bittasi bo‘lgan.

Madrasa XVI asrda Shayboniyxonlar davrida barpo etilgan. Qurilishga ”ko‘kaldosh” (turkchadan tarjimada ”tug‘ishgan uka”, madrasaning g‘aroyib nomi ham shundan) laqabli bosh vazir boshchilik qilgan. U Toshkent hukmdorlari Baroqhon va Darvishxonning yaqinlaridan bo‘lgan.

Madrasa faoliyati bilan ko‘plab afsonalarni bog‘lashadi. Shu yerlik oqsoqollaravvallari madrasa hududida ochiq qatllar o‘tkazilgan. Xiyonatkor xotinlarning ta’zirini berish va mahalliy aholini uyaltirish uchun eng baland minoradan tashlashgan. Boshqa afsonaga ko‘ra, bir paytlar bu yerda katta xandon pista o‘sgan, u muqaddas hisoblangan, chunki madrasa gumbazlaridan birida o‘sib chiqqan.

Madrasaning ichki devorlaridan birida quyidagi yozuv bor: ”O‘lim muqarrar, ammo inson tomonidan qilingan ishlar abadiy qoladi”.

Bugun Ko‘kaldosh madrasasi – poytaxtning eng yirik arxitektura yodgorliklaridan biri. Pishiq g‘ishtdan qad ko‘targan baland bino musulmon diniy muassasalari tamoyili bo‘yicha qurilgan: namoz xonalari va mashg‘ulotlar uchun xonalar bilan o‘ralgan katta ichki hovli. Old tomoni balandligi qariyb 20 m bo‘lgan kirish portali (peshtoq) iblan taqdim etilgan. Bu yerda an’anaviy burchak minoralariga ega ikki yarusli o‘ymakor naqshli balkonchalar joylashgan. Bino derazalarida quyoshdan himoya qiluvchi panjaralardan foydalanilgan, ularda Olloh va Muhammad payg‘ambarning nomlari o‘yib bitilgan.

O‘zining butun tarixi davomida madrasa binosi ko‘plab voqealarning guvohi bo‘lgan. U bir necha marta vayron bo‘lgan. Shuningdek, bir paytlar bu yerda karvon-saroy ham joylashgan. XIX asrda by bino Qo‘qon xonlarining qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan. Shu yerdan to‘plar yordamida Toshkent qo‘zg‘olonchilarini otishgan.

Toshkentlik ustalarning kuchi bilan Ko‘kaldosh madrasasi to‘liq restavratsiya qilindi va unga diniy muassasa maqomi qaytarildi. Bu yerda bugun ham musulmonlarni namozga chorlovchi so‘filarning azonini eshitish mumkin, turli diniy marosimlar o‘tkaziladi, hujralarda esa toliblar uchun mashg‘ulotlar olib boriladi.

Alisher Navoiy bekati, metro, Toshkent

O‘zbekiston poytaxtiga tashrif buyursangiz, albatta Toshkent metropolitenidan foydalaning. Bu shaharning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri.

Toshkent metrosining har bir bekati – bu turli ustalarning me’morchilik va badiiy san’at durdonasi, noyob san’at galereyasi bo‘lib, u sizni O‘zbekiston xalqlarining tarixiga o‘ziga xos sayohat qildiradi! Bekatlardagi an’anaviy naqshlar va donishmandlarning hikmatli gaplari, qahramonlar, shoirlar va mutafakkirlarning suratlari, betakror o´zbek mozaikasi…

Chilonzor yo‘nalishi. Metropoliten qurilishi 1973-yilda boshlangan bo‘lib, birinchi – Chilonzor yo‘nalishi 4 yildan so‘ng ochilgan. Dastavval u 9 ta bekatdan iborat edi. Keyinchalik 1980-yilda unga yana 3 ta bekat qo‘shildi. Bugun yo‘nalishning uzunligi 16,8 km ni tashkil qiladi va u shaharning janubi-g‘arbidan markaz orqali shimoli-sharqqa qarab yo‘nalgan.

O‘zbekiston yo‘nalishi. 1984-yilda yangi – O‘zbekiston yo‘nalishining yana 5 ta yer osti bekati ishga tushdi. Uzunligi 14,2 km bo‘lgan O‘zbekiston yo‘nalishida 8 yil davomida 11 ta bekat ochildi. “Alisher Navoiy” bekati Chilonzor yo‘nalishining “Paxtakor” bekatiga o‘tadigan joy hisoblanadi.

Yunusobod yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalish mustaqillik yillarida – 2001-yilda ochildi. Unda 6 ta yer osti bekati bor, 2 ta bekat boshqa yo‘nalishga olib chiqadigan bekatlar hisoblanadi: ”Ming o‘rik” – O‘zbekiston yo‘nalishining ”Oybek” bekatiga va ”Yunus Rajabiy” – Chilonzor yo‘nalishining ”Amir Temur” bekatiga.

Yer usti metrosi. Halqa yo‘nalishining qurilishi 2017-yil 1-oktabrda boshlandi. Ushbu yangi yo‘nalishning davomiyligi 52,1 km ni tashkil qiladi. Ulardan 50,5 kilometri yer ustida, balandligi 6 m bo‘lgan estakada bo‘ylab va 1,6 kilometri yer bo‘ylab joylashgan. Yangi metro yo‘nalishi 35 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Ayni paytda O‘zbekiston yo‘nalishining “Do‘stlik” bekatidan “Qo‘yliq” bozorigacha 7 ta bekat va yangi Sirg‘ali tarmog‘ida 5 ta bekat ochilgan.

Hazrati Imom majmuasi, Toshkent

Hazrati Imomansambli (xalq orasida Xast-Imom nomi bilan taniqli) diniy yodgorliklardan biri hisoblanadi. U 1966-yilgi kuchli zilzilani boshidan kechirgan eski shahar ichkarisidagi maydonda joylashgan. Majmua Toshkentning birinchi imomi – olim va din arbobi Qaffol ash-Shoshiy dafn etilgan joy yaqinida qurilgan.

Majmua Tilla-Shayx masjidi, Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi va Imom al-Buxoriy nomidagi Islom institutidan tashkil topgan.

Bu yerda tashrif buyuruvchilar uchun kutubxona ochilgan, unda ko‘p sonli sharq qo‘lyozma adabiyoti namunalari to‘plangan. Shuningdek, bu yerda alohida uchinchi xalifa Usmon Qur’oni ham saqlanadi. U VII asrda yozilgan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlar bo‘ylab ancha ”sayohat” qilgan. Ushbu qadimiy muqaddas kitob yetarlicha katta o‘lchamga ega, u 353 pergament varag‘ini o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonga kitob Amir Temur davrida kelib qolgan.

Xast-Imom majmuasi ayniqsa tunda, hududni fonuslar yoritib turgan va sharq ertagi illyuziyasi yuzaga keladigan paytda go‘zal.

Baroqxon madrasasi, Toshkent

XVI asrda islom maktabi sifatida qurilgan Baroqxon madrasasi Navro‘z Ahmadxon (Mirzo Ulug‘bekning nevarasi) tashabbusi bilan barpo etilgan. Xalq orasida uni Baroqxon, ya’ni ”omadli” deb atashgan.

Madrasa hududida bir nechta maqbara joylashgan.

Ulardan biri Shayboniyxonlar dinastiyasiga mansub Toshkentning birinchi hukmdori Suyunchxo‘jaxonga tegishli. Ikkinchi maqbara esa keyinchalik qabri Samarqandga ko‘chirilgan Baroqxon qabri ustidan barpo etilgan.

”Chorsu” sharq bozori, Toshkent

Eski shaharning qoq yuragidagi ”Eski Jo‘va” markaziy maydonida Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joyi – ulkan ”Chorsu” bozori joylashgan. U o‘rta asrlardan buyon mashhur. Ushbu bozorga kelgan har bir kishi sharq ertaklariga tushib qoladi. Rastalardagi go‘zallik, mahsulotlarning mo‘l-ko‘lligini, keng qatorlar, xushmuomala sotuvchilar… Bu yerda O‘zbekistonning butun tarixi mujassam. Turli-tuman mahsulotlarni sanab adog‘iga yetmaysiz: do‘ppilar va to‘nlar, milliy matolardan tayyorlangan ro‘mollar, sopol va keramika buyumlari, qo‘lda tayyorlangan suvenirlar, sovg‘alar, sharqona shirinliklar, ziravorlar, mevalar, sabzavotlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar.

Ushbu yirik bozor taxminan X asrda vujudga kelgan, u Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri hisoblangan to‘rtta savdo ko‘chasining kesishuvida joylashgan. Bu yerda savdo yil davomida olib borilgan va turli madaniyatlar bilan qorishib ketgan. Savdo yo‘llarida xorijiy savdogarlarni, karvonlarni, rastachi-sotuvchilarni, hunarmandlarni, boy dehqonlar va oddiy ishchilarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Bozor moviy gumbazlar ostidagi bir nechta pavilyondan tashkil topgan: oziq-ovqat mahsulotlari qatori, buyumlar qatori, gilam, adyol va matraslar bilan savdo qiladigan qator, zargarlik va hunarmandchilik qatorlari.

Katta moviy gumbaz ostida joylashgan oziq-ovqat mahsulotlari pavilyoni alohida e’tiborga molik. Unda mahsulotlar turlariga qarab bo‘lingan.Keng turdagi sut mahsulotlari sizni befarq qoldirmasligi shubhasiz, ularning orasida qatiq, qurt (quruq qatiq mahsuloti, mahalliy pishloq turi), suzmani albatta tatib ko‘ring.

Quruq mevalarning turlaridan ko‘zlaringiz quvnaydi. Bu kishmish, turshak, yong‘oqlar, sho‘rdanak, qiyomga va kunjutga botirilgan yeryong‘oq. Sharqona shirinliklar – novvot, parvarda, pashmak, holva, kozinaki. Turli rangda kamalakday tovlanib turgan ziravorlar va xushbo‘y dorivorlar yonidan befarq o‘tib ketolmaysiz: dolchin, za’faron, qora va qizil murch, muskat yong‘og‘i, qalampirmunchoq, zira, kashnich, sedana, zarchava, quritilgan sabzavotlar.

Oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonining yaqinida milliy o‘zbek taomlarini tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan qatorlar bor. Rastalarga yaqinlashar ekansiz, palov, kabob, somsalarning xushbo‘y hidini uzoqdan his qilasiz. Bu yerda sizga norin (sovuq ugra sho‘rvasi bilan), qazi (ot go‘shtidan tayyorlangan kolbasa), go‘mma, hasip (uyda tayyorlangan kolbasa), qovurilgan baliq, xonim va manti, no‘xat sho‘rak (qo‘sh go‘shti va no‘xatdan tayyorlangan taom), qo‘y qovurg‘asini taklif qilishadi. Hatto tanovul qilishni xohlamasangiz ham o‘zbek tansiq taomlari oldida o‘zingizni tutib turolmaysiz. Taomlarni tandirdan yangi uzilgan obi non bilan shu yerdagi qahvaxonaning o‘zida tatib ko‘rish mumkin.

”Chorsu” bozori – ming yillar orasidan sado berayotgan tarix zarrasi.

”Chorsu” sharq bozori, Toshkent

”Chorsu” sharq bozori, Toshkent
”Chorsu” sharq bozori, Toshkent, ziravorlar
”Chorsu” sharq bozori, Toshkent, ziravorlar
Askiya bozori, Quruq mevalar/ chaq-chuq, Toshkent
”Chorsu” sharq bozori, Toshkent, qurut
”Chorsu” sharq bozori, Toshkent
Chorsu
Chorsu Bozorining milliy taomlari, Toshkent

Samarqand – madaniyatlar chorrahasi


Samarqandning madaniy merosi juda ulkan! Ko‘p asrlar davomida shahar Buyuk Ipak yo‘lining asosiy markazi bo‘lgan. XXI asr boshlarida shahar ”Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Registon maydoni, Samarqand

Registon maydoni Markaziy Osiyodagi shaharsozlik san’atining ajoyib namunasidir. Uning nomi ”qumli maydon” deb tarjima qilinadi. Nega unumdor voha markazidagi maydon shunday nomlangan? O‘rta asrlarda Mavarounnahr shaharlaridagi barcha markaziy maydonlar Registon deb atalgan degan taxmin bor – bu Sharq shaharlarning ma’muriy, savdo va hunarmandchilik markazlari edi.

Amir Temur davrida (1370-1405) Registon asosiy savdo nuqtasiga aylandi. Amir Temurning nabirasi Ulug‘bek hukmronligi paytida esa maydon tantanali va rasmiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Registon uchta ulug‘vor bino – Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasasidan iborat.

Ulug‘bek madrasasi, Samarqand

XV asr o‘rtalarida Amir Temurning nabirasi, dunyoga ko‘proq taniqli olim va astronom sifatida tanilgan Mirzo Ulug‘bek (1409-1449) hokimiyat tepasiga keladi. Aynan u Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va G‘ijduvonda ta’lim muassasalari qurilishini faol boshladi. Ulug‘bek madrasasi musulmon Sharqidagi oliy o‘quv yurtlarining klassik namunasidir.

Madrasa 1417-1420 yillarda qurilgan. Badiiy nuqtai nazardan, u Temur binolaridan kam bo‘lmagan, lekin mustahkamlik jihatidan ulardan ancha ustun edi.

Bino 2 qavatli, burchakli auditoriyalar ustida to‘rtta baland gumbaz va burchakda to‘rtta minora mavjud bo‘lgan. Asosiy fasadning uchdan ikki qismini egallagan ulkan portal maydonga ulkan va chuqur uchli ravoq bilan qaraydi.

Dastlab, madrasa 50 xujradan (kichik xona) iborat bo‘lib, u yerda yiliga yuzdan ziyod talaba tahsil olardi. Ulug‘bekning o‘zi madrasada dars bergan. Mashhur fors shoiri Jomiy ham shu yerda yashab ijod qilgan. Madrasada Jomiyning eng mashhur tinglovchilari orasida naqshbandiya tariqati shayxi Hoja Ahror Valiy va buyuk shoir Alisher Navoiy bor edi.

Ulug‘bek madrasasi 18-asrda bo‘lib o‘tgan ichki urushlar paytida katta zarar ko‘rdi. Tashqi gumbazlar va ikkinchi qavatdagi xonalarning aksariyati vayron bo‘lgan. Qayta tiklash ishlarining ko‘p qismi 20-asrning boshlarida o‘sha davrning taniqli muhandislari va me’morlari tomonidan amalga oshirilgan. Yarim asr mobaynida hovli fasadlari tiklandi, shimoliy fasadning gumbazi va tashqi devorlari qayta yotqizildi, hovli ayvonlari mustahkamlandi va portaldagi noyob o‘yma mayolika tiklandi.

Bugungi kunda Ulug‘bek madrasasi Registonning uchta durdonasidan biridir.

Sherdor madrasasi, Samarqand

XVII asr tarixiy binolaridan biri Sherdor madrasasi Registon me’moriy ansamblining bir qismi hisoblanadi. U Ulug‘bek madrasasining simmetrik takrorlanishi sifatida o‘ylab topilgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan maydonning relefi biroz o‘zgargan, shuning uchun Sherdor Ulug‘bek madrasasidan biroz pastroqda joylashgan.

Bir necha asrlar davomida madrasa mashhur musulmon ta’lim muassasasi bo‘lib, bu dargohda taniqli faylasuflar va teologlar tahsil olgan.

Madrasa mahalliy hukmdor Yalangtush Bahodirning buyrug‘i bilan Ulug‘bekning qismlarga ajratib buzib olingan xonaqohi o‘rnida qurilgan. Bezatish Markaziy Osiyo an’anaviy uslubida qilingan, asosiy fasad esa uchli ravoq bilan bezalgan ulug‘vor kirish portali bilan hayratga soladi. Bino bezagi Muhammad payg‘ambarning so‘zlari va Qur’oni Karim parchalari bilan bo‘yalgan. Yaltiroq g‘ishtlardagi yorqin mozaik bezaklar zamonaviy restavratorlar tomonidan puxtalik bilan tiklangan.

Madrasa hozirgi zamonaviy nomini markazida quyosh yuzi bo‘lgan, yo‘lbarsga o‘xshagan hayratlanarli yirtqich hayvonning ravoqdagi tasviri tufayli olgan. Bu mozaika keyinchalik O‘zbekistonning milliy ramziga aylandi.

Ulug‘bek rasadxonasi, Samarqand

Ulug‘bek astronomiya maktabining yutuqlari G‘arb va Sharq, Hindiston va Xitoyning aniq fanlari rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

1428-1429 yillarda Samarqand yaqinida Ulug‘bek O‘rta asrlar olami uchun muhim bo‘lgan rasadxona qurdiradi. Bu diametri 46,4 m va balandligi 30 m bo‘lgan g‘orga o‘xshash dumaloq uch qavatli bino. Rasadxonaning asosiy quroli marmar devorli kvadrant bo‘lib, uning yoyi radiusi 40,2 m, yoyning uzunligi 63 m.

Bu ulkan asbobning katta qismi yer ostida – 10 metrdan oshiq chuqurlikda joylashgan. Kvadrantning ikkinchi yarmi yerdan 28 m balandlikda ko‘tarilib, to‘g‘ri burchakli shaklidagi minoraga suyangan bo‘lib, u shu kungacha saqlanib qolmagan.

Bu kvadrant Quyosh, Oy va sayyoralarning osmon meridianidan o‘tish vaqtidagi balandliklarini aniqlashda, shuningdek, yoritgichlar orasidagi burchak masofasini o‘lchashda va yorqin yulduzlarni kuzatish uchun ishlatilgan. Shkalaning katta o‘lchamlari kuzatuvlarni juda yuqori aniqlikda bajarish imkonini berdi. Marmar to‘siqlar bo‘ylab g‘ishtin zinapoyalar qurilgan bo‘lib, tepalikning ichiga olib boradi.

Rasadxonada yirik astronomlar va Ulug‘bekning Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy kabi shogirdlari ishlagan.

Afsuski vaqt noyob ilm -fan yodgorligiga shafqatsiz bo‘ldi. Ulug‘bek rasadxonasi asta -sekin vayron qilinib, XVII asr oxirida g‘ishti uchun buzib tashlandi. 1908 va 1914-yillarda Samarqand viloyatida olib borilgan qazish ishlarida rasadxona joylashgan joy va asosiy asbobning bir qismi aniqlangan. Ammo bu qazishmalar kutilgan natijani bermadi. Topilma faqat uch qavatli ulkan bino tashqi devorining qoldiqlari bo‘lib chiqdi.

Ulug‘bekning ko‘plab astronomik tadqiqotlari orasida 1018 yulduz tavsifidan iborat ”Ziji Ko‘ragoniy” (Yulduzli osmon katalogi) bebaho asari katta qiziqish uyg‘otadi. Yulduzli yilning davomiyligini Ulug‘bek tomonidan 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa, 8 soniyada etib belgilangan.

Imom al-Buxoriy maqbarasi, Samarqand

Musulmon olamining ko‘zga ko‘ringan hadisshunoslaridan biri, Qur’ondan keyin ikkinchi eng muhim kitob muallifi Imom al-Buxoriy 810-yil 21-iyulda Buxoroda tug‘ilgan, Xartang qishlog‘ida (hozirgi Samarqand viloyatining Chelak tumani) vafot etgan), 870-yilda o‘sha yerda dafn etilgan. Biroq, asrlar davomida u joy qarovsiz bo‘lib kelgan.

Imom al-Buxoriy tavalludining 1225-yilligiga qadar majmuani tiklashga qaror qilindi. Shu munosabat bilan, Imom al-Buxoriy qabri yonida O‘rta Osiyoning qadimiy me’morchiligi an’analarida tayyorlangan 10 gektar maydonda yodgorlik majmuasi qurildi.Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Qo‘qon va Shahrisabz xalq ustalari va hunarmandlari majmua qurilishida qatnashdilar. Maqbara majmuasiga masjid, o‘quv markazi, muzey, qo‘lda yozilgan islomiy kitoblar saqlanadigan kutubxona, yodgorliklar do‘konlari, diniy adabiyotlar sotiladigan do‘konlar, ziyoratchilar va sayyohlar uchun mehmonxonalar kiradi.

Imom al-Buxoriy maqbarasi majmuaning markaziy o‘qida joylashgan. Kub shaklidagi bu inshoot 17 metrli gumbaz bilan ulug‘vorlik kasb etgan. Devorlari och yashil, ko‘k, oq sirli koshinlar, marmar, oniks va granit bilan bezatilgan. O‘ng tomonda, yuqori qavatdagi qabr toshi (sag‘ana) ostida, ochiq ko‘k oniks qabr toshi yotqizilgan marmar bilan qoplangan Al-Buxoriy qabri bor,. Masjidda bir vaqtning o‘zida 1500 namozxon namoz o‘qishi mumkin.

Imom al-Buxoriy majmuasi so‘nggi asrda mamlakatimizda yaratilgan ushbu turdagi eng yirik va noyob tuzilmalardan biridir.

Islom Karimov maqbarasi, Samarqand

2016-yil 3-sentabrda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov Hazrati Xizr masjidi hududida dafn qilindi. Dafn marosimidan ko‘p o‘tmay, uning qabri ustidagi maqbarani loyihalashtirish boshlandi. Murakkablik shunda ediki, Hazrat Xizr masjidi YUNESKO homiyligida turadi va har xil davrdagi binolarni yagona me’moriy uslub bilan bog‘lash, shuningdek, masjidning tarixiy ko‘rinishini saqlab qolish muhim edi.

O‘zbekistonning birinchi prezidentining qabri an’anaviy ayvon va maqbaradan iborat. Bu balandligi 7,55 metr bo‘lgan markazlashgan kompozitsiyaga ega bo‘lgan bitta gumbazli bino. Maqbara pastki qavati to‘q yashil marmardan, asosiy qismi esa oq marmardan tayyorlangan va rang-barang relefli maloyikalar bilan bezatilgan. Janubi-sharqiy tokchada kirish joyi bor, qolgan joylar o‘yma marmar panjaralar bilan qoplangan. Qabrning o‘zi rangli yarim qimmatbaho toshlar va zarvaraqlar bilan qoplangan oq marmardan qilingan.

Kirish joyiga marmar taxta o‘rnatilgan bo‘lib, uning ustiga o‘zbek va ingliz tillarida: ”Bu muqaddas joy – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosiy arbob, o‘zbek xalqining aziz va suyukli o‘g‘li Islom Abdug‘aniyevich Karimovning abadiy uyidir” degan so‘zlar o‘yib yozilgan.


Siyob Bozori, Samarqand

O‘ziga xos sotuvchilari, yorqin ranglari va sharq bozorlarida xushmuomalalikning an’anaviy qoidasi deb hisoblanadigan shovqinli savdosi bilan sayyohlarni hayratga soladigan shaharning asosiy bozoriga sho‘ng‘ib ketib, Sharq muhitini his qiling.

Tog‘-tog‘ qibi uyulgan quritilgan mevalar va xushbo‘y ziravorlar, an’anaviy o‘zbek nonlari va sharqona shirinliklar unutilmas taassurot qoldiradi.

Siyob Bozori, Samarqand

Xiva – o‘tmishga ochilgan vaqt darvozasi


Xivaning yoshi 2500 yildan oshgan. Bu noyob muzey-shahar. Undagi asosiy diqqatga sazovor joy esa – uylari va tor ko‘chalari, masjid va minoralari, madrasalari bo‘lgan hamda qalinligi 6 metrli devorlar bilan o‘ralgan qadimiy ichki shahar.

Ichan qal’a, Xiva

Asrlar davomida qurilgan (qadimiy me’moriy yodgorliklar XIV asrga to‘g‘ri keladi) istehkomlar va saroylar, masjid va madrasalar, maqbaralar va minoralar, karvonsaroylar va hammomlar Ichan-qal’ani noyob shahar-yodgorlikka aylantirdi.

Xivada shaharning an’anaviy ravishda bir-biridan ikkita alohida qismga bo‘linishi sodir bo‘lgan: Ichan qal’a (so‘zma-so‘z: ichki mudofaa doirasi) – ichki shahar (Shahriston) va Dishon qal’a (tashqi mudofaa doirasi) – tashqi shahar ( rabot). Shahriston Ichan qal’asi Dishon qal’adan balandligi 10 m va uzunligi 2,5 km dan ortiq bo‘lgan qalin devorlar bilan ajralib turadi. Ichan qal’aning devorlari Xivaning asosiy diqqatga sazovor joyi sifatida ko‘plab sayyohlik suvenirlarida tasvirlangan.

Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda, Xiva devorlari V-VI asrlardayoq mavjud bo‘lgan. Arxeologlarning fikricha, qisman karvonsaroy atrofidagi qadimiy inshoot qoldiqlari Ichan qal’a devorlarining poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Ichan qal’aning ichki shahri zich joylashgan, shuning uchun Xivaning diqqatga sazovor joylari ixcham, kichik bir hududda joylashgan. Ichan qal’adagi binolarning ko‘pchiligi asl qiyofasini – tosh bilan qoplangan ko‘chalarni, masjid va minoralarni, madrasa va hujralarni saqlab qolgan.

Siz shaharga to‘rtta darvozadan biri orqali borishingiz mumkin: Bog‘cha-Darvoza – shimoliy, Tosh-Darvoza – janub, Polvon-Darvoza – sharqiy, Ota-Darvoza – g‘arbiy.

Ota-Darvoza – shaharning markaziy kirish joyi. Ular XIX asrda qurilgan. XX asr boshlarida ular vayron qilingan, 1975-yilda esa qayta tiklangan, ammo asl qiyofasini takrorlashning iloji bo‘lmadi. Ularning chap tomonida Ko‘hna Arkning eski qal’asi joylashgan. Inshoot qurilishining ba’zi qismlari V asrga to‘g‘ri keladi. Darvozaning o‘ng tomonida Muhammad Aminxon madrasasi joylashgan. Biroz oldinda ulug‘vor minora Kalta-Minor bor. Shahar markaziga yaqinroq, Muhammad Rahimxon II madrasasi joylashgan.

Polvon-Darvoza XIX asr boshlarida paydo bo‘lgan va ”Qullar” nomi bilan mashhur, chunki aynan shu yerda qul savdosi amalga oshirilgan. 1873-yilda rus qo‘shinlari Xiva xonligini egallagan paytda shaharda 10 ming qul bo‘lgan. Polvon-Darvozadan o‘tib, ”Xiva shahri” yozuvi va darvoza qurilgan sana – 1221 (hijriy) sanasi (1806 yilga to‘g‘ri keladi) bitilgan marmar lavhani ko‘rish mumkin.

Polvan-Darvozaga yaqinroq – Tosh Hovli saroyi va Olloqulixon madrasasi joylashgan. Shahar markazining janubida Said Olovuddin maqbarasi va Pahlavon Mahmud maqbarasi, Sherg‘ozixon madrasasi, shuningdek, Islomxo‘ja majmuasi joylashgan.

Ko‘hna-Ark qal’asi, Xiva

Ko‘hna-Ark – Xivaning ichki shahri Ichan qal’ada joylashgan.

Qal’a XVII asr oxiriga to‘g‘ri keladi. 1688-yilda qurilish tugagandan so‘ng Ko‘hna-Ark ”qal’a ichidagi qal’a”ga aylanib, Ichan qal’adan baland loy devor bilan ajratilgan. U Shayboniylar sulolasi davrida qurilgan va 100 yildan keyin mustaqil shaharga aylangan. Bu Xivadagi eng qadimgi xon qarorgohi.

Bu yerda masjidlar, qabulxona, ayol qismi uchun xonalar (haram), zarbxona, otxona, ustaxonalar, yashash xonalari va boshqalar bor edi. Hukmlarni ijro etadigan joy – zindon mavjud bo‘lgan. Maydonda o‘quv janglari va harbiy ko‘riklar va paradlar o‘tkazilgan.

Qal’a xon va uning a’yonlar, amaldorlar va harbiylarning hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlangan.

1686-1688 yillarda qurilgan birinchi bino 18-asr o‘rtalarida, eronliklarning bosqini paytida vayron qilingan. Bugungi kunda mavjud bo‘lgan majmua XIX asr boshlarida (1804–1806) qayta ta’mirlangan.

Kalta minor, Xiva

Kalta minor – Xiva shahrining eng diqqatga sazovor joylaridan biri.

Uning poydevori 15 metr chuqurlikda, pastda diametri 14,5 metr. Kalta Minor Muhammad Aminxon tomonidan musulmon dunyosidagi eng katta va baland bo‘yli minora sifatida rejalashtirilgan. Uning rejasiga ko‘ra, minoraning balandligi 70-80 metr bo‘lishi kerak edi. Minora tugallanmagani uchun uning balandligi atigi 29 metrni tashkil etadi, bu uning o‘ylangan balandligining atigi uchdan bir qismidir. Xon 1855-yilda jang paytida halok bo‘lgani sababli qurilish tugallanmagan.

Shaharning 2 500 yilligi munosabati bilan minora qayta tiklandi. Restavratsiya paytida noyob naqshlar va yozuvlar tiklandi. U sirlangan koshinlar va mayolika bilan to‘liq qoplangan yagona minora hisoblanadi.

Anushxon hammomlari, Xiva

Bu noyob obyekt XVII asrda, taxminan 1657-1664 yillarda qurilgan va shu turga mansub eng qadimiy me’moriy yodgorlikdir. Hammom-shifoxonalar Anushxon sharafiga otasining buyrug‘i bilan qurilgan.

Ota va o‘g‘ilning hayoti haqida g‘ayrioddiy afsona bor. Xivaning eng obro‘li hukmdorlaridan bo‘lgan Abulg‘ozixonning 9 nafar o‘g‘li bor edi. Xon ishtiyoq bilan o‘ninchi bolasining qiz bo‘lishini xohlardi. Biroq, xonning oilasida yana o‘g‘il tug‘iladi. Ammo, otasini xafa qilmaslik uchun bolaning jinsi ko‘p yillar davomida undan yashirilgan va hatto unga tug‘ilgan paytida otasining sevimli kanizagi – arman qizi Anusha sharafiga Anush ismi berilgan. Yillar o‘tadi … Abulg‘ozixon Buxoro amiri bilan bo‘lgan janglarning birida asirga olinadi. To‘qqizta to‘ng‘ich o‘g‘il otasining taqdiri haqida o‘ylamasdi va bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qiladi. Kichigi esa, ikkilanmasdan, qiz qiyofasida otasini qutqarish uchun Buxoro amirining hovlisiga boradi. Amir, o‘g‘illari emas, balki otasi uchun qizi kelganidan kuladi va, agar yosh go‘zal hukmronni hayratda qoldirsa, hech qanday zarar yetkazmasdan, mahbusni qo‘yib yuborishi to‘g‘risida Anushaning shartiga rozi bo‘ldi. Buxoro amiri, qiz uni chindan ham ajablantirishi mumkinligi haqida tasavvurga ham ega emasdi. Anusha o‘zining birinchi kiyimlarini tashlaganida, amir yigitning tanasini ko‘radi va mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi. Abulg‘ozixonning o‘zi ham boshqalardan kam hayron bo‘lmaydi, lekin u ko‘p yillik yolg‘on uchun g‘azablanmaydi. Abulg‘ozixon o‘g‘li bilan Xivaga qaytadi va qaytganidan so‘ng ”Men to‘qqiz o‘g‘lim bor deb o‘ylardim, lekin ilohiy taqdir mening bitta o‘g‘lim – Anusha borligini ko‘rsatdi”, – deydi. Xon shukrona uchun masjid va hammom-shifoxonalar qurdiradi va ularni o‘ziga sodiq qolgan o‘ninchi o‘g‘li Anushning sharafiga nomlaydi.

Qadimgi dunyoning ko‘plab binolari singari, hammomlar ham asrlar bo‘yi turadigan qilib qurilgan bo‘lib, suv ta’minoti, isitish va drenaj tizimlarining chuqur o‘ylanganligi bilan hayratga soladi. Qurilishda ishlatilgan texnologiyalar XVII asr o‘rtalari uchun ancha ilg‘or edi.

Tashqarida siz faqat hammomning yorug‘lik uchun teshiklari bo‘lgan gumbazlarini ko‘rishingiz mumkin, chunki issiqlikni saqlash uchun ularning aksariyati yer ostida joylashgandi. Ichki makonda keng dahliz, shaxsiy kiyinish xonalari va bug‘xonalar mavjud.

Kompleks yaxshi holatda saqlangan va 350 yildan keyin ham u shifoxona va sog‘lomlashtirish markazi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qoraqalpogʻiston

Qoraqalpogʻiston Qizilqum choʻlining shimoli-gʻarbiy, Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismi va Amudaryo deltasida joylashgan. Orol dengizining janubiy qismi Qoraqalpogʻiston hududida. Qizilqumning shimoli-gʻarbiy qismi Orol dengizi tomon pasayib boruvchi keng yassi tekislik boʻlib, qator tepa va qumli barxanlar (balandligi 75 m dan 100 m gacha) uchraydi. Alohida togʻ massivlari (eng yirigi — Sulton Uvays togʻi, choʻqqilari 473 m va 485 m) bor. Sugʻoriladigan yerlar va sugʻorish kanallari, asosan, deltaning oʻng sohilida. Gʻarbida bir nechta botiqli (Borsakelmas, Asakaovdon botiqlarining balandligi 29–101 m) Ustyurt platosi joylashgan. Plato Orol dengizi va Amudaryo deltasiga tik yon bagʻirli jarlik — chinklar hosil qilib tushgan. Ustyurtdan janubi-sharqda Sariqamish soyligining shimoliy chekkasi joylashgan.

Qoraqalpogʻiston bayrog´ i
https://uzbekistan360.uz/ru/location/i-v-savitskij-nomidagi-korakalpok-davlat-san-at-muzejiqwu?fbclid=iwar1-4xgmt_cuyrbucpo8ao08ymwh6jglg-9rvezaqc5mtar_nrkqxqkspdk

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi – respublikadagi yirik muzeylardan. Nukus shahrida 1966 yilda tashkil topgan, 1984 yildan N.V.Savitskiy nomi bilan ataladi. Muzeyga I.Savitskiyning sa’y-harakati va u to‘plagan qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari negizida asos solingan. Muzeyning umumiy maydoni 6,9 ming kv.m. Muzey xalq amaliy san’ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920-30-yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rang-tasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar, kutubxona (10 ming dona asar), fond hamda ta’mirlash usta-xonasiga ega. Fondida 85 mingdan ortiq eksponat mavjud (2004).

Muzey fondida 1920- 30-yillarda avangard rassomlar yaratgan asarlar to‘plangan. Qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik (ayniqsa, o‘tov jihozlari) va boshqa asarlar amaliy san’at bo‘limida jamlangan.
Qadimiy Xorazm san’ati bo‘limi muzeyning arxeologik guruhlari tomonidan qo‘lga kiritilgan topilmalar hisobiga yanada boyimoqda. Tasviriy san’at bo‘limi to‘plami, ayniqsa, serqirra: to‘plamni qoraqalpoq rassomlari (I.Savitskiy, K.Soipov, J. Quttimurodov, D.To‘raniyozov va b.), O‘rta Osiyo rassomligining keksa avlodi A.Volkov, M.Qurzin, A.Nikolayev (Us to Mo‘min), N.Karaxan, O‘.Tansiqboyev va boshqaning katta ahamiyatga ega asarlari tashkil etadi. Shuningdek, 1920-30-yillarda faol ijod etgan rus rassomlari A.Shevchenko, R.Falk, V.Muxina, I.Grabar asarlari bilan bir qatorda ijodi deyarli o‘rganilmagan.R.Mazel, K.Redko, A.Safronov va boshqaning asarlari ham qo‘yilgan.

Muzey eksponatlari monografiya (etyud, chizgidan tortib to yetuk asarlar) tartibida to‘plangani bilan ham qimmatlidir. Yana muzeyning o‘ziga xosligi eksponatlarning zich joylanishi, ekspozitsiyalarda to‘plamni to‘laqonli namoyishiga erishganidadir. Muzey san’at asarlarini to‘plash, targ‘ib etish, kataloglar chop etish, ko‘rgazmalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. Muzey qoshida gilamchilik ustaxonasi ishlab turibdi; «Nukus muzeyining do‘stlari» klubi faoliyat olib boradi, ko‘rgazmalar uyushtiradi. Muzey Xalqaro muzeylar qo‘mitasi(IKOM) a’zosi.
Muzey 1968-69 yillarda Moskvadagi Sharq muzeyida Qoraqalpoq to‘plamini ilk bor namoyish etdi. 1970 yildan respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Rossiya va b.)dagi ko‘rgazmalarda ishtirok etadi.
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi

Xorazm – ming qal’adan iborat mamlakat


Qizilqum cho‘lining cheksiz qumlari orasida ko‘plab sir va sirlarga to‘la Xorazm vohasi yoyilgan. Arablar istilosi davri manbalarida Xorazm ”Ming qal’a o‘lkasi” deb ataladi. Bu hududda arxeologlar bir vaqtlar qudratli qal’alar va qirollik saroylari bo‘lgan ko‘plab qadimiy aholi punktlarini topdilar. Suvsiz dashtlarning bepoyon kengliklarida yuzlab qal’alar qad ko‘tarib, ulkan butlar singari Qadimgi Xorazm sirlarini saqlaydi. Bugungi kunda ham vayronalarning ulug‘vorligi va ko‘lami o‘zining ulug‘vorligi va qudrati bilan hayratda qoldiradi.

Xorazm haqida birinchi eslatma (tarjimada ”Quyosh mamlakati” degan ma’noni anglatadi) Doro I ning Behistun yozuvida uchraydi. Zardushtiylarning muqaddas kitobi ”Avesto”da Xorazm xudojo‘ylar tomonidan yaratilgan birinchi va eng yaxshi davlatlardan biri ekanligi aytiladi oliy xudo Axuramazda. Aynan shu yerda xorazmliklarning ahamiyati jihatidan Misr va Bobil bilan qiyoslanadigan va o‘zidan bebaho meros qoldirgan noyob madaniyati dunyoga keldi.

Xorazm ko‘plab davlatlarning e’tibori va qiziqishini tortdi. Bu boy mamlakatni zabt etish uchun Ahamoniylar shohlari ham, Iskandar Zulqarnayn ham harbiy yurishlarini amalga oshirdi.

20-asrning 30-yillarigacha, ya’ni qazishmalar boshlanganda, S.P. Tolstov, bu qadimiy mamlakat haqida juda kam narsa ma’lum edi. Ammo qazishmalar natijalari barcha kutilganidan ham oshib ketdi.

Xorazmda olib borilgan tadqiqotlar, shuningdek, mavjud yozma manbalarni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, bu hududda shaharlar deb ataladigan 64 ta arxeologik yodgorlik mavjud. Bugungi kunda ular asosan vayronaga aylangan.

Qizil qal’a, Xorazm
To‘prak qal’a, Xorazm

Jizzah viloyati – Zomin-O‘zbek Shveytsariyasi

Ajoyib landshaftlar va toza tog‘ havosi, flora va faunaning  xilma-xilligi, qadimiy ziyoratgohlar va noyob milliy sihatgoh – bularning barchasi Jizzah viloyati. Jizzax shahri viloyatning ma’muriy markazi bo‘lib, aholisi 141 ming kishini tashkil qiladi. Dengiz sathidan 450 metr balandlikda, Sangzor daryosi yonida joylashgan. Shahar orqali Toshkent-Samarqand temir yo‘li va yirik o‘zbek avtomagistrali o‘tadi. Jizzaxda XX asr boshlarida nonvoyxonalar, qo‘ychilik, temirchilik va kulolchilik korxonalari mavjud bo‘lgan.Hozir shaharda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo sanoati va mashinasozlik korxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti, aerovokzal, bir nechta kasb-hunar kollejlari va ko‘plab maktablar bor. Bundan tashqari, Jizzaxda madaniy-ko‘ngilochar markazlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlar tashkil etilgan.

Zomin, Jizzax

O'zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Elchixonasi Vatandoshlar Jamoat Fondi

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
Facebook
Instagram