Milliy liboslar https://gov.uz/pages/clothes/ https://bibihanum.com/ https://bibihanum.com/ https://bibihanum.com/ https://bibihanum.com/ O´ZBEKISTON DO´PILARI ”Do‘ppi tikdim… ipaklari tillodan”, – deb kuylanadi mashhur o‘zbek qo‘shig‘ida.O´zbek do‘ppisi o´z ichiga ko´plab sirlarni saqlaydi.Tajribali usta kashtachilarning qo‘llari bilan haqiqiy san’at asarlari yaratiladi. O‘zbekistonda do‘ppi nafaqat kiyimning bir jihati, balki xalq madaniyatining tarkibiy qismidir. Bugungi kunda do‘ppini faqat ayrim holatlarda: oilaviy tantanalar, dafn marosimlari yoki bayramlarda ko‘rish mumkin. Ammo oldingi davrlarda do‘ppi O‘rta Osiyoda asosiy bosh kiyim turi bo‘lgan. Uni erkaklar, ayollar, bolalar va qariyalar kiyishgan. Har bir mintaqada do‘ppilar o‘ziga xos farqli jihatlarga ega bo‘lgan. Shartli ravishda do‘ppilar bir nechta turlarga bo‘linadi. Bular: Xorazm-Qoraqalpoq, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Qashqadaryo-Surxondaryo, Chust, Andijon, Toshkent, Boysun va Shahrisabz do‘ppilari. Shuningdek, do‘ppilar bayrambop, diniy va kundalik bo‘ladi. Ushbu milliy bosh kiyimi yumshoq yoki qattiq matodan tikilib, kashta yoki munchoqlar bilan bezatiladi, unga yumaloq yoki kvadrat shakl beriladi.Do´ppining har bitta bukilish, rasm, chiziq o‘zining chuqur ma’nosi va siriga ega. Hozirgacha xalq orasida do‘ppilar haqidagi afsonalar va rivoyatlar saqlanib kelinadi.Rivoyatlarga ko‘ra, erkaklar do‘ppisining yuqori qismidagi to‘rtta gul odamning sog‘lig‘ini to’rt tomondan himoya qiladi, do‘ppi chetidagi o‘n oltita gul esa katta va ahil oila bo‘lish (o‘n oltita farzand ko‘rish) tilagini bildiradi. Ushbu do‘ppilar odmi, kamtar va shu bilan birga juda bezakli ko‘rinishga ega. Ular to‘rtta qalampir boshchalari ko‘rinishidagi oq naqshning qora fon bilan keskin birikuvi bilan ajralib turadi. Qora fonga oq ipak bilan tikilgan gullar inson qalbi va yuragi pokligining ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.Ayollar do‘ppilarini bezashda asosan gullar, mevalar va qushlardan foydalaniladi. Gul naqshlari orasida keng tarqalgani atirgul, gulsapsar, chinnigul, lola, gultojixo‘roz, olma gullari va boshqalar, mevalar orasida esa anor, olcha va gilos, bodom va qalampir tasvirlari va boshqalar hisoblanadi. Gullar ko‘pincha yuqorida va yon tomonda tasvirlanadi. Gullar ichidagi jihatlar, ayniqsa, ehtiyotkorlik bilan ishlanadi. Qushlar ham bezakning asosiy naqshini tashkil qilishi mumkin. Asosan, bu tustovuq, xo‘roz, bulbulning tasvirlaridir. Hunarmand ayollarning go‘zallikka, mukammallikka intilishi ularning mehnatini hunarmandchilikdan eng yuqori san’at darajasigacha ko‘taradi.O‘zbek do‘ppisi bezagining barcha elementlari — rangi, chiziqlari, rasmlari muhim ma’no yuklamasiga ega bo‘lib, ko‘pincha hayot va o‘lim, yorug‘lik va qorong‘ulik, yer va osmon, yaxshilik va yomonlik kabi umumiy tushunchalar bilan bog‘liq bo‘ladi. O‘zbek do‘ppilari haqli ravishda butun dunyoda talabga ega. Chet ellik sayyohlar bunday bosh kiyimlarini g‘ayrioddiy yodgorlik sifatida sotib olishadi, aksariyat insonlar hatto ular bilan o‘z uylarini bezashadi. Shaxsiy foydalanish uchun esa do‘ppini istalgan bozordan va sayyohlik markazlaridagi maxsus sovg‘alar do‘konlaridan xarid qilish mumkin.